27 May 2023 yil 355

“Bolalar – yurt kelajagi”

Qashqadaryo viloyati IIBda 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan “Bolalar – yurt kelajagi” mavzusida “Ma’naviyat va ma’rifat darsi” bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston qahramoni, Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati, viloyat targ‘ibot guruhining raisi, "Oqila ayollar harakati" a'zosi  Sharopova Muhabbat Arapovna  ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda so‘z olgan O‘zbekiston qahramoni  Sharopova Muhabbat Arapovna xalqimiz azal-azaldan bolajonligini, hayotimiz davomchilari, ertamiz egalari bo‘lmish bolalarni asrab-avaylash, himoya qilish, jismonan sog‘lom, aqlan yetuk qilib tarbiyalash davlat va jamiyat, qolaversa, barchamizning insoniy burchimiz ekanligi ta’kidladi.

Yurtimizda bolalar huquq va erkinliklari kafolatlangan, manfaatlari muhofaza qilingan. O‘zbekiston bola huquqlariga oid beshta xalqaro konvensiyaga qo‘shilgan. Xususan, ayni paytda BMTning «Bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasi»da nazarda tutilgan maqsad va vazifalar hayotga izchil tatbiq etilyapti. Konstitutsiyamiz va boshqa qator qonunlar asosida voyaga yetmaganlarning huquqlari ta’minlanmoqda. Bola huquqlarini himoya qiluvchi Bolalar ombudsmani institutining faoliyati yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekiston Respublikasining «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida», «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlari yurtimizda yosh avlodni har tomonlama himoya qilish, turli tahdid va ma’naviy xurujlardan asrash, majburiy mehnatga jalb etmaslikka xizmat qilyapti.

O‘zbekistonda bolalarni sog‘-salomat, ham jismonan, ham aqlan yetuk bo‘lib voyaga yetishi yo‘lidagi amaliy sa’y-harakatlar ibratga molikdir. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan ta’limning birlamchi va asosiy bo‘g‘ini hisoblangan maktabgacha ta’lim tizimi qayta isloh etilib, maktabgacha ta’lim sohasida yagona davlat siyosati ishlab chiqildi. Xususan, zamon talablariga mos, yangi bog‘chalar qurilmoqda, mavjudlarini ta’mirlashga katta e’tibor qaratilyapti. Sohada xususiy sektorni rivojlantirishga, malakali kadrlar tayyorlashga, bog‘chalarda o‘g‘il-qizlarni sog‘lom ovqatlantirish hamda ularga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatini yaxshilashga alohida ahamiyat berilmoqda. Bularning barchasi bolalarning maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrovini oshirib, ularning sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishiga zamin yaratmoqda.

Tadbirda Tashkiliy boshqarma murojaatlar bilan ishlash guruhi  bosh inspektori, mayor Iskandar Rahmonqulov fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar ijrosi, boshqarma Tva EKQKB bo‘lim boshlig‘i, mayor Begzod Jovliev dunyodagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat to‘g‘risida ishtirokchilarga ma’lumotlar berishdi.

Yakunda “E-ijtimoiy-himoya.IIV O‘z” elektron platformasi yuritilishi bo‘yicha ishtirokchilarga videorolik namoyish etildi.

 

 

 

Text to speech