26 Noyabr 2022 yil 707

“Cho‘lpon – ozodlik va adolat kuychisi”

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida “Cho‘lpon – ozodlik va adolat kuychisi” mavzusida “Ma’naviyat va ma’rifat darsi” bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati, tarkibiy bo‘limlari va sohaviy xizmatlar xodimlari, IIV Qashqadaryo akademik litseyi o‘qituvchisi ishtirok etdi.

Tadbirni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining 1-o‘rinbosari polkovnik Jasurbek Atayev ochdi.

Yig‘ilishda so‘z olgan IIV Qashqadaryo akademik litseyi o‘qituvchisi Iroda Murodova ma’rifatparvar, o‘zbek jadid adabiyotining yorqin vakili Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon 1898 yilda Andijonning Qatorterak mahallasida savdogar oilasida dunyoga kelgani, u avval eski maktabda, so‘ngra madrasalar va rus-tuzem maktabida tahsil oladi. Arab, fors va rus tillarini mukammal o‘zlashtiradi. Mutolaa yo‘li bilan turk, nemis va ingliz tillarini o‘rganadi. U o‘n yetti yoshidan jadid nashrlari bilan aloqa bog‘laydi, ularda avvaliga kichkina xabarlari, so‘ng nazmiy va nasriy mashqlari, publitsistik maqolalari bilan qatnasha boshlaydi. E’tiborlisi, u nafaqat Turkiston, balki Qrim, Tatariston, Boshqirdistonda chop etilgan gazeta-jurnallarda ham qatnashishga harakat qilgan.

Cho‘lponning ijodi 1913–1914-yillardan boshlangan. Lekin bosma nashrda ilk bor 1914-yil «Sadoyi Turkiston» gazetasining 3-sonida «Turkistonli qardoshlarimizga» maqolasi bilan ko‘rinish beradi. U avval «Qalandar», «Mirzaqalandar», «Andijonlik» va nihoyat «Cho‘lpon» taxallusi bilan ijod qildi.

Shundan so‘ng «Sadoyi Turkiston» va «Sadoyi Farg‘ona» gazetalarida birin-ketin «Qurboni jaholat», «Doktor Muhammadi­yor» nomli hikoyalari, «Bahor avvallari» etyudi, «Adabiyot nadir?» va «Muhtaram yozg‘uchilarimizga» nomli adabiy-tanqidiy, «Vatanimiz Turkistonda ziroat va dehqonchilik» hamda «Vatanimiz Turkistonda temir yo‘llar» nomli publitsistik maqolalari e’lon qilindi.

Uning adabiyotga qo‘ygan jiddiy qadami 1922–1935-yillarda nashr ettirgan kitoblarida o‘z aksini topgan. Bu davrda u o‘zining «Uyg‘onish» (1922), «Buloqlar quchog‘ida» (1923), «Tong sirlari» (1926), «Soz» (1935) she’riy to‘plamlarini nashr ettirdi. 30-yillarga kelib «Jo‘r» she’riy to‘plamini tayyorladi. Ammo to‘plam qatag‘onlik tuzog‘iga ilinib, qolib ketadi. Shoirning to‘plamlari orasida «Buloqlar quchog‘ida» (1923) alohida ajralib turadi. To‘plam besh bo‘limdan iborat bo‘lib, ular «Sharq uchun», «Sezgilar», «Sevgi», «Qora yo‘llar» va «Qor qo‘ynida» deb nomlanadi.

Xalqimiz qalbidan joy olgan «Qalandar ishqi», «Ko‘ngil», «Binaf­sha» kabi she’rlari aynan shu to‘plamda chop etilgan. Umuman, matbuotda e’lon qilingan ilk asarlaridayoq, millatning ma’naviy qash­shoqlanishi va yurtining tutqunligidan yuragi pora Cho‘lpon o‘z armonlarini ommaga yuqtirib, uni mavjud holatdan chiqishga da’vat qilayotgan bezovta qalb egasi sifatida bo‘y ko‘rsatadi.

Cho‘lpon «Novvoy qiz», «Oydin kechalarda», «Qor qo‘ynida lola» kabi o‘nlab hikoyalar, «Kecha va kunduz» (1936) kabi ajoyib roman ham yaratgan iste’dodli adibdir. U dramaturg sifatida ham salmoqli ijod qilgan. Uning «Xalil farang», «Cho‘rining isyoni» kabi kichik pyesalari, «O‘rtoq Qarshiboyev», «Mushtumzo‘r» kabi dramalari hamda ko‘p vaqt sahnadan tushmagan «Yorqinoy» pyesasi mashhur bo‘lgan.

Cho‘lpon mohir tarjimon sifatida Shekspirning «Hamlet» fojiasini, Pushkinning «Dubrovskiy» qissasi va «Boris Godunov» pyesasini, Gorkiyning «Ona» romanini va boshqa ko‘plab asarlarni o‘zbek tiliga o‘giradi.

U Abdulla Qodiriy, Fitratlar kabi 1937-yilning 14-iyulida qamoqqa olinib, 1938-yilning 4-oktabrida otib tashlangan.

Cho‘lponning asarlari uzoq vaqt davom etgan tanaffusdan keyin 1991-yil «Yana oldim sozimni» nomi bilan nashr etildi.

1991-yil 25-sentabrda Cho‘lponga Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti berildi. 1997-yili adib tavalludining 100 yilligi munosabati bilan uning ko‘plab asarlari yangidan nashr etildi va u haqda ilmiy tadqiqotlar yaratildi.

Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon milliy ozodlik uchun kurash yo‘lida ko‘rsatgan matonati va buyuk xizmatlari, o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun 1999-yilda «Mustaqillik» ordeni bilan mukofotlandi.

Yig‘ilishda ishtirokchilar e’tiboriga  Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon haqida film namoyish etildi.

Text to speech