14 Mart 2023 yil 321

Kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlar haqida matbuot anjumani

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Qashqadaryo viloyati bo‘limida “Kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlar: tahlil va natijalar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Uni AOKA viloyat bo‘limi rahbari Usmon Nusurov ochdi. 

Matbuot anjumanida globallashuv jarayonida axborot texnologiyalari, ayniqsa, internet yoshlarni kundalik hayotining ajralmas qismiga aylangan “Axborot asri” deb atalayotgan hozirgi zamonda, ma’lumot olish va axborot almashishning qulay vositasi internet ekanligi, ijtimoiy tarmoqlar nafaqat axborot tarqatish balki jamoatchilik fikrini shakllantirish va boshqarishda jiddiy qurol bo‘lib qolganligi qayd etildi.

So‘nggi vaqtlarda bank plastik kartalaridagi pullarni talon-toroj qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlarni sodir etilishi kundan-kunga ko‘payib borayotganligi kuzatilmoqda. Xususan, viloyat hududida bank plastik kartalaridagi pullarni noqonuniy o‘zlashtirilishi bilan bog‘liq murojaatlar ko‘paymoqda.

Tahlillarga ko‘ra, bir kunda qayd etilayotgan ushbu turdagi jinoyatlarning 10 tadan 9 tasi noaniq sharoitlarda sodir etilmoqda. Viloyat hududida kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, uni oldini olish va fuqarolarga ushbu turdagi jinoyat qurboniga aylanib qolmasliklari uchun ularning kiber bilimlarini oshirish, ushbu turdagi jinoyatlarga qarshi har bir fuqaroga immunitet shakllantirishini ta’minlash, mazkur turdagi jinoyatlarni “issiq izi”dan fosh etish, bank plastik kartalaridagi pullarni talon-toroj qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlarni oldini olishda ommaviy axborot vositalarining roli katta. Bunda OAV xodimlari va ijtimoiy tarmoq faollarining bu boradagi targ‘ibot va tashviqot ishlari fuqarolarni ogohlikka  chorlab, kiberjinoyatlarni oldini olishda muhim rol o‘ynaydi.

Tadbirda OAV va ijtimoiy tarmoq faollariga kiberjinoyalarning turlari:

Kiberxavfsizlik — kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarining tashqi va ichki tahdidlardan himoyalanganlik holati;

kiberjinoyatchilik — axborotni egallash, uni o‘zgartirish, yo‘q qilish yoki axborot tizimlari va resurslarini ishdan chiqarish maqsadida kibermakonda dasturiy ta’minot va texnik vositalardan foydalanilgan holda amalga oshiriladigan jinoyatlar yig‘indisi;

kibermakon — axborot texnologiyalari yordamida yaratilgan virtual muhit;

kibertahdid — kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlariga tahdid soluvchi shart-sharoitlar va omillar majmui;

kiberhimoya — kiberxavfsizlik hodisalarining oldini olishga, kiberhujumlarni aniqlashga va ulardan himoya qilishga, kiberhujumlarning oqibatlarini bartaraf etishga, telekommunikatsiya tarmoqlari, axborot tizimlari hamda resurslari faoliyatining barqarorligini va ishonchliligini tiklashga qaratilgan huquqiy, tashkiliy, moliyaviy-iqtisodiy, muhandislik-texnik chora-tadbirlar, shuningdek ma’lumotlarni kriptografik va texnik jihatdan himoya qilish chora-tadbirlari majmui;

kiberhujum — kibermakonda apparat, apparat-dasturiy va dasturiy vositalardan foydalangan holda qasddan amalga oshiriladigan, kiberxavfsizlikka tahdid soladigan harakat ekanligi haqida haqida batafsil ma’lumot berildi.

     Fuqarolar kibertahdidlar haqida to‘liq ma’lumot olish uchun Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazining Cyber_102 kanaliga obuna bo‘lish tavsiya etildi.

Ko‘lami keng matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi IIV Axborot xizmati rahbari Shoxrux Giyasov ishtirok etdi.

Text to speech