26 May 2023 yil 325

Shahrisabz tuman IIBning zamonaviy tipdagi ma’muriy binosi foydalanishga topshirildi

Qashqadaryo viloyatida 57 ta mahalla fuqarolar yigʻini, jumladan, 234 ming aholiga xizmat koʻrsatuvchi Shahrisabz tuman ichki ishlar boʻlimi maʼmuriy binosi foydalanishga topshirildi.

Binoning rasmiy ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Azizbek Ikramov, viloyat hokimi Murotjon Azimov, ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Shuhratjon Satvoldiev va oʻrinbosarlari, tuman sektor rahbarlari, shaxsiy tarkib hamda mahalla faollari ishtirok etdi.

Tadbirda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Azizbek Ikramov, viloyat hokimi Murotjon Azimov va faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi polkovnik Sodiq Islomov soʻzga chiqib, barcha sohalar qatorida ichki ishlar tizimida olib borilayotgan islohotlar haqida soʻz yuritib, yangi bino bilan shaxsiy tarkibni qutlashdi.

Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan xodimlarga yaratilayotgan shart-sharoitlarga munosib xizmat qilish, eng asosiysi, soha xodimlarining aholi bilan yanada yaqin hamkorligini tashkil qilib, xalqchil professional tuzilmaga aylantirish bugungi kun talabi ekanligini taʼkidlashdi.

Shundan soʻng, tadbir mehmonlari va ishtirokchilar tomonidan binoning ramziy kaliti Shahrisabz tuman IIB boshligʻiga tantanali topshirilib, ramziy tasmalar kesildi.

Tadbir ishtirokchilar binoni koʻzdan kechirar ekan, zamonaviy barcha talablarga javob beradigan, soʻng texnologiyalar bilan jihozlangan navbatchilik qismi, tergov, profilaktika, shuningdek, sohaviy xizmatlar xodimlari uchun yaratilgan xizmat sharoitlarining guvohi boʻlishdi.

Boʻlim hududida migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmasi, sport zal, avtotransport vositalarini saqlash binosi, va xizmat itlari uchun (vоler) binolari mavjud boʻlim maʼmuriy binosida Ichki ishlar organlari xodimlarining namunali xizmat olib borishlari uchun barcha shart-sharoit va qulayliklarga ega 40 dan ortiq xizmat xonalari, advokatlar uchun xonalar, sayyor sudlarni oʻtkazish uchun sud zali, “Maʼnaviyat va maʼrifat xonasi” shuningdek, xodimlarning jismoniy va jangovar tayyorgarligini oshirish maqsadida qishki sport saroyi va yozgi maydonchasi, workout, saf maydonchasi, jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilishga moslashtirilgan zamonaviy xizmat xonalari joylashgan.

Vazir oʻrinbosari va mehmonlar tuman IIB binosini koʻzdan kechirish davomida ishlarni tashkil etish boʻyicha oʻzining tavsiyalarini berib, ichki ishlar boʻlimi xodimlari uchun yaratilgan Axborot-kutubxona markazi,  “Maʼnaviyat va maʼrifat xonasi” bilan yaqindan tanishdi.

Ayni kezlarda Shahrisabz tuman IIB binosida xodimlar “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish-oliy burchimiz!” shiori asosida fuqarolarga xizmat koʻrsatishni boshladi.

Text to speech